Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda sement ishlab chiqarish zavodi qurilishi boshlandi. Bu haqda O’zA xabar berdi.

Qiymati 420 million $ bo‘lgan mazkur loyiha amalga oshirilishi bilan bu yerda yiliga 2,4 million tonna sement ishlab chiqariladi.

Xabarga ko’ra, loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. 2018−2020 yillarda amalga oshiriladigan birinchi bosqichda 220 million $ miqdoridagi investitsiya hisobiga yiliga 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega dastlabki blok ishga tushiriladi. 300 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Ikkinchi bosqich 2020−2023 yillarda amalga oshiriladi va yana 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Zavodda M-400, M-500 (oq va kulrang), M-600 markali sement ishlab chiqariladi.