Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident farmoni e’lon qilindi.
Hujjatga muvofiq, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) zimmasiga 2019 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlar to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha vazifa yuklatildi.
Endilikda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lov iste’molchilar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida tuziladigan shartnomalarga muvofiq bevosita xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga 100% oldindan to‘lash asosida amalga oshiriladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy organlari huzurida yuridik shaxs tashkil qilmagan holda sanitar tozalash xizmatlarini tashkil etish markazlari (keyingi o‘rinlarda — sanitar tozalash markazlari) tashkil etiladi.
Quyidagilar sanitar tozalash markazlarining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari ko‘rsatilishini tashkil etish uchun hududlarni tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirish maqsadida elektron tanlovlarni uyushtirishda buyurtmachining ishchi organi vazifasini amalga oshirish;
- qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlarni to‘lovchi jismoniy shaxslarning (shu jumladan, ular bilan birga yashaydigan shaxslarning) haqqoniy hisobi tuman (shahar) hokimliklari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda yuritilishini, shuningdek, ushbu axborot qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimiga o‘z vaqtida kiritilishini tashkil etish;
- davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar hamda aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish haqidagi shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarning xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
- qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun tariflarni belgilangan tartibda shakllantirishni tashkil etish;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari maxsus g‘azna hisobvaraqlarida jamlangan mablag‘lar hisobidan markazlashgan to‘lovlarni amalga oshirish orqali aholiga ko‘rsatilgan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan o‘zaro hisob-kitoblarni ta’minlash;
Davlat ekologiya qo‘mitasi 2019 yil 1 yanvarga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi ishlashini, shuningdek, tizimga sanitar tozalash markazlari va MIBning ulanishini ta’minlaydi.
Toshkent shahar hokimliklari maxsus g‘azna hisobvaraqlarida jamlangan mablag‘larning:
- 5 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdori har yili tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi doirasida sanitar tozalash markazlari faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;
- 5 foizi Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan smeta bo‘yicha Sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasi faoliyatini moliyalashtirishga, shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq infratuzilmani rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.