Toshkent shahrida Adju universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, quyidagilar universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan etib belgilandi:

  • mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining istiqbollariga muvofiq qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
  • ta’lim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlar, avvalo, Koreya Respublikasining yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Universitetda 2019−2020 o‘quv yilida bakalavriatning “Arxitektura”, “Elektrotexnika” va “Qurilish injiniringi” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Oliygohda o’qishni tamomlagan bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Adju universitetining (Koreya Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Bundan tashqari, qaror bilan quyidagicha tartib belgilandi:

  • 2019−2020 va 2020−2021 o‘quv yillarida o‘qishga qabul qilingan talabalar — O‘zbekiston fuqarolari uchun ular Universitetni tamomlaguniga qadar Davlat byudjeti hisobidan kontrakt summasining respublikadagi boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida tegishli ta’lim yo‘nalishlarida o‘qitish qiymati miqdoridan ortiq qismini to‘lab berish ko‘rinishida davlat ko‘magitaqdim etiladi, kontrakt yuridik shaxslar — salohiyatli ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi hollari bundan mustasno;
  • davlat ko‘magi taqdim etilgan Universitet bitiruvchilari respublikaning davlat tashkilotlarida ixtisosligi bo‘yicha kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasida Adju universitetining magistratura mutaxassisliklarida boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Iqtisodiyot va biznes oliy maktabi ochiladi.

Universitetga 2020−2021 o‘quv yilidan boshlab ko‘p tarmoqli klinika, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va diagnostika markaziga ega tibbiyot fakultetini belgilangan tartibda ochishga ruxsat berildi.

Aju universiteti (Ajou University) 1973 yilda tashkil etilgan va dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida tan olingan. Universitetda 14 mingdan ortiq talaba taxsil oladi. Universitet o’zining innovatsion xalqaro dasturlari va xorijlik talabalarni keng qo’llab-quvvatlashi uchun e’tirof etilgan. Aju universiteti texnika, tibbiyot va axborot texnologiyalari sohalariga chuqur ixtisoslashgan bo’lib, dunyoning 58 mamlakatining 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari hamkorlik qiladi.