Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Chiqarib yuborilayotgan issiqlik, yo‘ldosh va fakel gazlarini qo‘llagan holda elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirish to‘g‘risida"gi qaror loyihasi ishlab chiqildi va umumxalq muhokamasi uchun Davlat xizmatlari yagona portaliga joylashtirildi.

Vazirlikda ta’kidlanishicha, mazkur qarorning qabul qilinishi faqatgina gaztransport ob’ektlarining o‘zida 630 MVtdan ziyod salohiyatga ega ikkilamchi energoresurslarini qo‘llash bo‘yicha loyihalarni tezkor ravishda amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Energiya sarfi yuqori bo‘lgan tarmoqlarda issiqlikdan foydalanish texnologiyalarini joriy qilish istiqbollarini hisobga olgan holda, qo‘shimcha yoqilg‘ini ishlatmasdan yiliga 5−6 mlrd. kVts elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi va bu umumiy ishlab chiqarishning 8−10% va mamlakatning ichki iste’molining 10−12% ni tashkil etadi.

Bu yiliga 1.65 mlrd.m3 tabiiy gazni tejaydi, shuningdek atrof muhitga is gazi chiqishini 2,2 mln. tonnaga kamaytiradi.