Joriy yilning noyabr oyida mamlakatning iste`mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o`rtacha 2,3%ga ko`tarildi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Umumiy hisobda 11 oy davomida iste`mol sektorida inflyatsiya darajasi 12,0%ni tashkil etdi. Oylik iste`mol narxlari o`zgarishi tahlillari shuni ko`rsatmoqdaki, iqtisodiyotga inflyatsion bosimlarning oshishi joriy yilning sentyabr oyidan e`tiboran kuzatila boshlangan. Sentyabrda o`rtacha oylik iste`mol narxlari 1,8%, oktyabrda 1,3% va noyabr oyida 2,3%, so`nggi uch oylikda esa narxlar o`rtacha ko`tarilishi 5,4%ni tashkil etgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomida o`rtacha 2,7%ga oshgani umumiy INI darajasining 1,2 f.d.ga ko`tarilishiga olib keldi. 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning 11,4%ga qimmatlashganligi esa umumiy ko`rsatkichning 4,9 f.d.da o`sishiga sabab bo`ldi.

Yillik tahlillar natijasiga ko`ra (2018 yilning noyabr oyi 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan), ushbu guruhdagi tovarlar narxi o`rtacha 19,5%ga qimmatlashgan.

Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlaridan asosiy guruhlari narxlarining ko`tarilishida, asosan iste`mol sektoridagi oziq-ovqat tovarlaridan meva-sabzavot mahsulotlari (narxlar 6,5%ga qimmatlashganligi umumiy INI ko`rsatkichini 0,5 f.d.ga oshirdi), non mahsulotlari (mos ravishda 2,8% va 0,2 f.d.), go`sht mahsulotlari (1,5% va 0,2 f.d.), tuxum (9,2% va 0,1 f.d) narxlari qimmatlashdi.

Xizmatlar va nooziqovqat mahsulotlar

Joriy yilning noyabr oyi davomida nooziq-ovqat mahsulotlaridan iste`mol sektoridagi umumiy inflyatsiya darajasiga ta`siri bo`yicha yetakchilik avtomobillar uchun yoqilg`i mahsulotlariga taalluqlidir.

Bir oy davomida nooziq-ovqat mahsulotlaridan iste`mol narxlari indeksi o`sishiga bo`yicha biroz past sur`atlarda kiyim-kechak (1,1%), oyoq kiyim (1,3%) va dori-darmonlar (1,4%) narxlari oshganligi ta`sir ko`rsatdi. Narxlarning o`sishida asosan milliy valyuta qiymatining AQSh dollariga nisbatan zaiflashuvi bilan bog`liq. Mazkur omil umumiy INIning oy davomidagi o`sishiga 0,2 f.d.da ta`sir etdi.

Qurilish materiallari oy davomida o`rtacha 0,3%ga arzonlashganligi, inflyatsion bosimlarni biroz yumshatib, umumiy inflyatsiya darajasini 0,01 f.d.da pasayishiga sabab bo`ldi. Bu davrda sement 1,7%, shpatlyovka 0,8%, deraza oynasi narxlari o`rtacha 0,6%ga arzonlashdi.

Umumiy hisobda joriy yilning yanvar-noyabr oylarida qurilish materiallari narxlari o`rtacha 18,6%ga qimmatlashganligi shu davrdagi nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari indeksining oshishida ta`sir darajasi bo`yicha yetakchi o`rinni egallagan.