“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tomonidan “2018 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi istiqbollari, uning muammolari va yechimlari. 2019 yilga belgilangan rejalar” mavzuida matbuot anjumani va media-tur o‘tkazildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, joriy yilda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalari tomonidan jami 9243 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi, shu qatorda, 3123 dona traktorlar, 379 dona pritseplar, 1104 dona ishlov berish texnikalari, 672 dona paxta seyalkalari, 239 dona g‘alla seyalkalari, 556 dona paxta va g‘alla o‘rish kombaynlari, 1074 dona paxta kultivatorlari va 2086 dona boshqa texnikalar ishlab chiqilgan.

“Hozirda Turkmanistonga umumiy qiymati 17 mln. $ga teng bo‘lgan 100 dona paxta terish mashinasi, 1502 dona kultivator, 600 dona ventilyatorli purkagich va 200 dona ko‘rak terish mashinalari jami 2402 dona qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish belgilangan bo‘lib, joriy yilning noyabr-dekabr oylari davomida 12 mln. $ga va 2019 yilning yanvar-mart oylari davomida 5 mln. $ga teng qishloq xo‘jaligi texnikalarini Turkmanistonga yetkazib berish rejalashtirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJning texnik siyosati bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan texnikalarni mahalliylashtirilishini kengaytirishdan iborat bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan texnikalarni 30−40% gacha mahalliylashtirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda.

Buning natijasida ko‘zlangan maqsadni 3−4 yil ichida amalga oshirish bo‘yicha mahalliylashtirishni 3 fazali dasturi qabul qilingan.