Mamlakatimizda anorchilik maktabi ilk bor Quvada tashkil etilib, butun Osiyoda tajriba sifatida o‘rganilgan. Bugungi kunda Quva tumanida 470 ta fermer xo‘jaligi 1 ming 800 gektar maydonda anor yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda. 835 gektar maydonda yangi anorzorlar barpo etishga kirishilgan.

Xabarga ko’ra, “Farg‘ona anorchilik” MCHJ shaklidagi agrofirmada ham soha rivoji yo‘lida yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Ikki yil ichida anorzor plantatsiyasining 80%i hosilga kirdi. Bu yil 200 ming tup anor ko‘chati qalamchalari tayyorlanib, ko‘chatchilik tarmog‘iga asos solindi.

2019 yildan yiliga 10 million dona anor ko‘chati tayyorlash va buyurtmachilarga yetkazib berish ko‘zda tutilmoqda. Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Malayziya, Eron, Chili, Ozarbayjon singari o‘nlab mamlakatlarda Farg‘ona anorchiligi tajribasini o‘rganishga qiziqish katta. Vatani Farg‘ona viloyati bo‘lgan qayum, qozoqi kabi anor navlari bugungi kunda AQSH va Yevropa davlatlarida mahalliylashtirilmoqda.

2025 yilgacha anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Anorzorlar to‘liq hosilga kirgach, 10 ming tonna mahsulot yetishtiriladi.

Ta’kidlanishicha, anorni tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. 20 gektar maydon tomchilab sug‘orishga to‘liq o‘tkazilgan, bog‘dan daromad olina boshlanganidan keyin esa tomchilab sug‘oriladigan yer maydonlari hajmi yildan-yilga oshib boradi.