“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida “„Qazaqstan temir joli“ milliy kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Kanat Almagambetov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tranzit, yuk va yo‘lovchi tashish bo‘yicha fikr almashildi, deb xabar beradi “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, yig‘ilishda konteyner orqali yuk tashishni rivojlantirish borasida ham so‘z yuritildi. Shu bilan birga tranzit yuklarni amalga oshirishda yo‘nalishlarni belgilab olish, Sariagash hamda Keles xalqaro tutashuv punktlari orqali tashuvlar sonini oshirish, 2019 yildagi rejalar muhokama etildi.

Shuningdek, Qozog‘iston orqali o‘tuvchi tranzit yuklardan neft, to‘qimachilik, qurilish mollariga chegirmalar berish haqida ham so‘z bordi.

Ta’kidlanishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan davlatlar o‘rtasidagi xalqaro temir yo‘l tutashuv punktlari orqali yuk qabul qilish va jo‘natish oshirildi. Hozirda har sutkada Keles xalqaro tutashuv punkti orqali 26 juft poyezd qabul qilinmoqda. Qo‘shni davlatga tegishli 26 dona lokomotiv modernizatsiya qilindi.