Kelajakda barpo etiladigan Delta City hududida Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) ko‘magida Mirzo Ulug‘bek Innovatsion Markazining keng miqyosdagi loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda LBMA matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Xabarga ko’ra, yangi yuqori texnologiyali ko‘rgazma kompleksida kompyuter texnologiyalarning qiziqarli dunyosiga shung‘ish, kelajakdagi virtual shaharni ko‘rish, mamlakatimizning hududlariga virtual tashrif buyurish, hayotni osonlashtiradigan va biznesni yanada muvaffaqiyatli qiladigan yangi avlod texnologiyalarini topish mumkin bo‘ladi.

“U sobiq Tashkent Plaza binosida quriladi. Uning asosiy xususiyati — zamonaviy texnologiyalarini, sun’iy aql, blokcheyn, big data kabilarni virtual tarzda namoyish eta olishi. Ushbu loyihaning maqsadi — tashrif buyuruvchilar o‘z ko‘zlari bilan mamlakatimizning raqamli kelajagini ko‘rishlari mumkin bo‘lgan joyni yaratishdir”, deyiladi xabarda.

Loyiha maydoni tahminan 9 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Innovatsion markaz biznes zona, namoyish zallari, ko‘ngilochar maydonchalar va maxsus “Raqamli O‘zbekiston” kabi bloklardan iborat bo‘ladi.

Biznes — zonaga konferens — zallar, VIP-xonalar, multimedia auditoriyalar va elektron kutubxona kiradi. U yerda turli tadbirlar, muzokaralar, chet el hamkorlari bilan tor doiradagi uchrashuvlarni o‘tkazish, shuningdek, elektron kutubxonasida har qanday ma’lumotlarni olish mumkin.

“Aqqli ferma” blokida agrobiznes uchun zamonaviy texnologiyalar va aqqli yechimlar namoyish etiladi. Mehmonlarning mazmunli va qiziqarli hordiq chiqarishlari uchun eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ko‘plab interaktiv zonalarni qamrab olgan keng ko‘ngilochar maydonchasi quriladi.

Bundan tashqari, inson organizmini kompleks tekshiruvdan o‘tkazish mumkin bo‘lgan “Salomatlik” hamda uy bekalari uchun “Aqqli uy” zonalari tashkil etiladi.

Markazning qurilishi 2019 yilda boshlanadi va yil oxirigacha yakunlanadi.