Innovatsion Rivojlanish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi, “SmartChain” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladilar, deb yozadi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

“O‘zbekistonni Sharq madaniyati va tarixining markazi sifatida xalqaro maydonga olib chiqish va uning ijobiy tomonlarini yanada mukammal namoyish etish, yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida turizm imkoniyatlaridan keng foydalanish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning innovatsion usullarini targ‘ib qilish maqsadida qo‘shimcha reallik texnologiyasi qo‘llaniladigan „NAZZAR“ mobil ilovasini joriy etishga kelishildi”, deyiladi xabarda.

Ilova iOS va Android platformalarida ishlovchi mobil ilova bo‘lib, telefon orqali maxsus suratlarni “jonlantirish” imkoniyatini beradi. Suratlar “jonlanarkan” suratdagi obyektlar, tarixiy obidalar, muzey eksponatlari haqida ma’lumotlar o‘qib eshittiriladi.