2018 yilning 20 dekabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida “Sanoat Qurilish Bankʻning moliyaviy texnologiya markazi” (“Financial Technology center of Sanoat Qurilish Bank”) ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi AKT vazirligi matbuot xizmati.
“Ushbu markaz universitet talabalariga turli axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) yordamida bank biznesining barcha yoʻnalishlari boʻyicha nazariy bilimlarini amaliyotda sinab koʻrishga va bu boradagi koʻnikmalarini mustahkamlashga qulay sharoit yaratadi” deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bank va SAP kompaniyasi vakillari Markazda dasturiy taʼminotlar yaratish, ularni bank AKT tizimiga joriy qilish, shu sohada yangi bank xizmatlari uchun biznes jarayonlarni tashkil etish va tahliliy hisobotlarni yaratish, shuningdek dasturiy taʼminotlarga texnik xizmat koʻrsatish bilan talaba yoshlarning biznes borasidagi bilim va tajribalarini kengayishiga imkon yaratadi.
Germaniyaning SAP kompaniyasi 1972 yilda tashkil etilgan bo’lib, tashkilotlar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqaradi. Korporativ ilovalar bo‘yicha dunyoda yetakchi kompaniyalardan biri. Kompaniya turli shakl hamda ixtisoslashuvdagi tashkilotlarga o‘z biznesini samarali boshqarishga ko‘mak beradi.