“Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” barqaror prognozlari bilan “BB-” darajasidagi O’zbekiston Respublikasining ilk xalqaro suveren kredit reytinglarini belgiladi.

“Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” tomonidan beriladigan suveren kredit reytinglar davlatlarning o’z majburiyatlari bo’yicha to’lov qobiliyatini belgilaydi. Reytingni belgilash ikki asosiy yo’nalishda amalga oshiriladi:

  • Miqdoriy ko’rsatkichlar — iqtisodiyot hajmi va uning o’sish suratlari, fiskal va monetar siyosat, davlat qarzi va oltin-valyuta zahiralari, bank tizimi, tashqi savdo aloqalari va boshqalar;
  • Sifat ko’rsatkichlari — siyosiy barqarorlik, qonunchilik tizimi, davlat boshqaruvi, mamlakatning xalqaro moliya institutlarining reyting va indekslaridagi o’rni va boshqalar.

Shu bilan birga, agentliklar tomonidan har bir mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalardagi o’tgan besh yillik va kutilayotgan (prognozlashtirilgan) ko’rsatkichlarning tahlili, statistik va boshqa ma’lumotlarning ochiqligi va ularning sifati, raqobatbardoshlik va davlatning iqtisodiyotga aralashuvi darajasi kabi ko’rsatkichlarni inobatga olgan holda rejalashtirilgan islohotlarga konservativ yondashish asosida amalga oshiriladi.

O’zekistonga berilgan suveren kredit reytinglar barqaror prognoziga ega bo’lib, yaqin kelajakda (12−18 oy) pasayish ehtimoli kamligini anglatadi.

Ma’lumot uchun, mazkur reytinglar Argentina, Armaniston va Belarus davlatlaridan yuqori hamda Braziliya va Gruziya bilan bir xil darajada qayd etildi.

“Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” tomonidan belgilangan reytinglar xalqaro moliya bozorlarining institutsional va boshqa investorlari uchun muhim ahamiyat kasb etib, O’zbekiston haqida kerakli bo’lgan ma’lumotlarga ega bo’ladilar va sarmoyalar kiritish uchun qaror qabul qilishda yordam beradi.