Prezident Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiyot sohasida bajarilishi lozim bo’lgan maqsad va vazifalarni keltirdi.

Iqtisodiyot sohasida keng qamrovli iqtisodiy islohotlar negizida quyidagi maqsadlar amalga oshiriladi darkor:

  • ochiq iqtisodiyot, sog’lom raqobat, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash uchun zarur sharoitlarni yaratish;
  • iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish, xususiy sektorni jadal rivojlantirish orqali yangi ish o’rinlarini ko’paytirish;
  • iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mehnat unumdorligini oshirish orqali yuqori iqtisodiy o’sishni ta’minlash;
  • “yashirin” iqtisodiyotga qarshi kurashish, uning hajmini keskin qisqartirish;
  • valyutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish;
  • barqaror monetar siyosatni amalga oshirish;
  • iqtisodiyotni rivojlantirishga doir strategik maqsadlarni ro’yobga chiqarishga qodir malakali kadrlarni tayyorlash.

Shu maqsadlarni amalga oshirishda quyidagi vazifalar belgilandi:

  • makroiqtisodiy barqarorlikning va yuqori iqtisodiy o’sish sur’atini ta’minlash;
  • jahon tajribasini puxta o’rganib, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda monetar siyosatni takomillashtirish va narx-navo barqarorligini ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish;
  • iqtisodiy statistik ma’lumotlarni to’g’ri yuritish va davlat iqtisodiy ahvolini aniq baholash (Shu maqsadda 2020 yil 1- yanvardan boshlab BMT va Xalqaro valyuta fondining “Milliy hisoblar tizimi"ni respublikada to’liq joriy etish masalasi qo’yildi);
  • iqtisodiyot rivojiga jiddiy turtki beradigan sohalarni rivojlantirish bo’yicha strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish (Vazirlar Mahkamasi mamlakatning 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqib, xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilishni 2019 yil 1 aprelga qadar yakunlashi kerak);
  • byudjet mablag’laridan foydalanish tizimini takomillashtirish (byudjet hisobidan mablag' ajratiladigan har qanday dastur yoki loyihaning sifat va miqdor ko’rsatkichlaridan iborat natijaga yo’naltirilgan indikatorlar bo’lishi masalasi bo’yicha Vazirlar Mahkamasiga 2 oy ichida taklif kiritish vazifasi yuklatildi);
  • Iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan Raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini ishlab chiqish (shu asosda “Raqamli O’zbekiston 2030” dasturi konsepsiyasi ishlab chiqilib hayotga tadbiq etiladi).