Joriy yilning dekabr oyida mamlakat iste`mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o`rtacha 2,1%ga oshdi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Umumiy hisobda 2018 yil davomida iste`mol sektoridagi inflyatsiya darajasi 14,3%ni tashkil etdi. 2018 yil davomida INIning o`rtacha oylik o`sish sur`ati 1,1%1 ni tashkil etib, iqtisodiyotga inflyatsion bosim sentyabr oyidan boshlab kuchayib borgan. Jumladan, 2018 yilning oxirgi to`rt oyi davomida tovar va xizmatlarning iste`mol narxlari o`sish darajasi 7,6%ni tashkil etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Oy davomida tovarlar narxi sezilarli darajada qimmatlashishi yanvar (3,0%) hamda dekabr (2,3%) oylarida qayd etilgan. 2018 yilning iyun va iyul oylarida (0,6% va 0,5%) esa aksincha, tovarlarning umumiy narxlar darajasining pasayishi, meva-sabzavot narxlarining sezilarli darajada arzonlashganligi bilan bevosita bog`liq.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomida o`rtacha 3,2%ga oshgani umumiy INI darajasining 1,4 f.d.ga ko`tarilishiga zamin yaratdi. 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning 14,9%ga qimmatlashganligi esa umumiy ko`rsatkichning 6,4 f.d.ga ortishiga sabab bo`ldi.

O`rtacha yillik narxlar o`zgarishi ifodasiga ko`ra (2018 yil yanvar-dekabr 2017 yilning yanvar-dekabriga nisbatan) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o`rtacha 20,1%ga qimmatlashgan.

2018 yilning dekabr oyi davomida go`sht va parranda go`shti mahsulotlari narxi o`rtacha 1,3%, yil mobaynida esa 21,2%ga qimmatlashgan. Baliq va baliq konservalari narxlari dekabr oyida 1,6%, yil davomida esa 30,4%ga ko`tarilgan.

Xizmatlar va nooziqovqat mahsulotlar

2018 yil dekabr oyidagi xizmatlar tarifi narxlari tovarlar guruhi narxlari darajasiga nisbatan pastroq sur`atda ko`tarildi. Xizmatlar tariflari dekabr oyi davomida o`rtacha 1,3%ga oshdi. Umumiy hisobda 2018 yil mobaynida ushbu sohadagi tariflar narxlarining o`sish darajasi 15,8%ni tashkil etdi.

Yirik guruhlar bo`yicha narxlarning oylik tahlillarga ko’ra, 2018 yil davomida xizmatlar tarifi hamda nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari barqaror o`sish tendentsiyasiga ega bo`lgan (ushbu guruhlarning o`tgan oyga nisbatan INI doimiy ravishda 100,0%dan ortiqni tashkil etgan). Har oydagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlar o`zgarishi birmuncha keng diapazonga ega bo`lgan (yanvar oyidagi maksimal o`sishdan (3,5%) to iyul oyidagi maksimal pasayishgacha (-2,3%)).

2018 yilning dekabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining 1,3%ga qimmatlashishi umumiy INIning oy davomida 0,4 f.d.da oshishiga olib keldi. Dekabr oyi davomida nooziq-ovqat mahsulotlaridan tamaki mahsulotlari (4,9%) hamda aloqa vositalari (3,1%) narxlari birmuncha yuqori darajada qimmatlashdi.

2018 yilning dekabr oyida aholiga pullik xizmat ko`rsatish sohasida narxlar o`sishining asosiy omili — maishiy xizmatlar va yo`lovchi tashish transporti xizmatlari narxlarining 1,8%ga hamda uy-joy kommunal to`lovlarining 1,4%ga oshganligi bilan izohlash mumkin.