Respublika hududlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga berilgan maydonlarda urug‘lik paxta xomashyosini yetishtirishni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga berilgan maydonlarda urug‘lik paxta xomashyosini yetishtirishni moliyalashtirish Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari va o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Shuningdek, nizomga ko‘ra urug‘lik paxta ekiladigan maydon hajmi, paxta yetishtirishning prognoz hajmlari va g‘o‘za navlari bo‘yicha joylashtirish masalalari har yili 1 noyabrga qadar Hukumat qarorida belgilanadi.

Urug‘lik paxta yetishtirishni moliyalashtirish paxta qiymatining 60%igacha Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, mazkur hujjat bilan tayyorlangan urug‘lik paxta xomashyosiga ustamalar to‘lash tartibi belgilandi.

Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilari o‘z ehtiyojlari uchun g‘o‘zaning xorijiy nav va duragay urug‘larini belgilangan tartibda olib kelishi va yetishtirishi mumkin.