2019 yil 1 yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan yuridik shaxslar umumbelgilangan soliqlarni to‘lash tartibiga, jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tmoqdalar.

Shu bois quyida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollarga Davlat soliq qo’mitasi mutaxassislari qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollarga javob berdi. Bu haqda Qo’mita matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Umumiy ovqatlanish tarmog‘iga QQS qanday tatbiq etiladi?

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 dekabrdagi Qonuni bilan Soliq kodeksining 350-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshmagan yuridik shaxslar yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Soliq kodeksining 351-moddasiga asosan soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshgan yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar belgilangan chegaraviy miqdor oshib ketgan oydan keyingi oyning boshidan boshlab umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tadilar.

Shuningdek, narx-navoning keskin oshib ketishini oldini olish maqsadida 2019 yildan yillik yalpi tushumi uch milliardgacha bo‘lgan yuridik shaxslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilindi. Soddalashtirilgan tartibdagi QQS bo‘yicha pasaytirilgan soliq stavkalari belgilangan, shu jumladan, umumiy ovqatlanish tarmog‘i korxonalari uchun soliq stavkasi 10% miqdorida belgilangan.

Mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona xomashyo mahsulotlarini import qilgan taqdirda bojxonada to‘langan QQS summasi hisobga olinadimi?

Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning umumbelgilangan tartibini qo‘llovchi korxonalar Soliq kodeksining 218-moddasiga asosan import qilingan xomashyo va materiallar bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llovchi korxonalar Soliq kodeksining 2263-moddasiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish mexanizmini qo‘llash huquqiga ega emas.

Soddalashtirilgan QQS nima?

Soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bu — qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning o‘ziga xos tartibi bo‘lib, unda 4 foizdan 15 foizgacha bo‘lgan farqlangan stavkalar belgilangan hamda byudjetga to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini aniqlashda hisobga olish mexanizmi qo‘llanilmaydi.

Ushbu tartibni Soliq kodeksining 2261-moddasiga asosan yalpi tushumi uch milliard so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar qo‘llashi mumkin.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibining umumbelgilangan tartibidan farqli jihati shundaki, pasaytirilgan stavkalarni qo‘llash imkoniyatining mavjudligi (misol uchun, savdo korxonalari uchun 6%, qurilish tashkilotlari uchun 8%), shuningdek, soliq summasi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

QQSni hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan va standart tartibining farqi nimada?

  • birinchidan, prinsipial farqi shundaki, soddalashtirilgan tartibdagi QQS to‘lovchilar xarid qilingan tovar (ish, xizmat)lar bo‘yicha to‘langan QQSni hisobga olish huquqiga ega bo‘lmaydi.
  • ikkinchidan, soddalashtirilgan tartibdagi QQS realizatsiya qilinayotgan tovar (ish, xizmat)lar qiymatidan kelib chiqqan holda, hisoblab chiqariladi.
  • uchinchidan, soddalashtirilgan tartibdagi QQS umumbelgilangan tartibdagi QQSning amaldagi stavkasidan past bo‘lgan differensiallashgan stavkalardan kelib chiqqan holda, hisoblab chiqariladi.