8 yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda “Oʻzavtotrans” agentligi birgalikda xalqaro multimodal transport-logistika markazining elektron platformasini yaratish toʻgʻrisidagi loyihani ishlab chiqish borasida qaror qabul qildi. Bu haqda AKT vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihada:

  • yuklarni eksport-import qilishda transportda tashish bilan bogʻliq maʼlumotlarni toʻplash, ishlov berish va tahlil qilish, shuningdek, ularni tezkor va oʻrta muddatli rejalashtirish;
  • eksport-import yuklarni tashishda transportda tashish va omborga joylashtirishni qulaylashtirish;
  • transport xarajatlarini qisqartirish, kelishtirish hisobiga yetkazib berish;
  • ombor operatsiyalarining samaradorligini oshirish;
  • logistika jarayonini barcha ishtirokchilarning aniq hisob-kitoblar va oqilona harakatlar yagona elektron platformasini yaratish koʻzda tutilgan.

Elektron platformani yaratish boʻyicha harakatlarni birlashtirish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda “Oʻzavtotrans” agentligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti “Oʻzavtotrans” agentligi mutaxassislari bilan birgalikda universitet mutaxassislarini jalb qilgan holda, platformadan foydalanish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar, qisqa muddatli oʻqish, malakaviy seminarlar, treninglar, master-klasslarni tashkil etadi.