Prezidentning “Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga binoan Iqtisodiyot vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi etib qayta tashkil etiladi.

Vazirlikning vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etish va iqtisodiyot asosiy sohalarini rivojlantirish strategiyasini shakllantirish;
  • xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va “xufiyona” iqtisodiyot ulushini qisqartirish uchun qulay sharoit yaratish;
  • ishlab chiqarish kuchlarini samarali joylashtirish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan samarali foydalanish asosida mamlakat sanoatini rivojlantirish strategiyalarini (modellarini) ishlab chiqish;
  • tovar bozorlari muvozanatini ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirish maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
  • urbanizatsiya sohasida davlat siyosatini kuchaytirish, urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan samarali tartibga solishni ta’minlash;
  • mamlakatning faol investitsiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
  • milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va uning raqobatdoshligini oshirishning asosiy resurslari va omillaridan biri sifatida inson kapitalining darajasi va sifatini, ustuvor ravishda qishloq joylarida, yaxshilash bo‘yicha kompleks tahlil olib borish va chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
  • iqtisodiyot organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishini ta’minlash;
  • Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda ko‘maklashish.