Prezident “Ta'lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 martdan boshlab quyidagilarning xorijiy davlatlarda berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari maxsus sinovlarsiz tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi:
- O‘zbekiston hududida filiallari va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan O‘zbekiston, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning;
- Xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning;
- 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan fuqarolarning;
- Oliy ta’limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining to‘laqonli a’zolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning;
- vazirlik va idoralar tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan xorijda ta’lim olgan fuqarolarning:
- AQSH, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning;
Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi.
Hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish to‘g‘risidagi arizalarni faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.