Markaziy bankning pul-kredit siyosati sharhiga ko’ra, o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsion bosimning sezilarli darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.
“O'rta muddatli kutilmalar tashqi savdo sharoitlarining yaxshilanishi, import tovarlar hajmining oshishi va kelajakda so‘m qadrining mustahkamlanishi borasidagi taxminlarga asoslanadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, uning asosiy manbasi noyabr oyida energiya resurslari narxlari oshishi va 2019 yil iyun oyida kutilayotgan navbatdagi oshirilishning ta’siri davom etishi, soliq islohotlarining tadbirkorlik faoliyatiga bilvosita ta’siri, milliy valyuta qadrsizlanishi bo‘yicha kutilmalar, shuningdek kreditlarga bo‘lgan talabning oshishi bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligida noqulay sharoitlarga qaramasdan, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va tashish uchun infrastruktura yaratishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi va xususiy sektor rolining oshishi, shuningdek tashqi savdoni erkinlashtirish 2018 yil IV chorakda meva va sabzavotlar taklifining yetarli darajasini ta’minlashga hamda ularning keskin qimmatlashib ketishini oldini olishga yordam berdi.
Raqobatni erkinlashtirish va rivojlantirish borasida islohotlarni davom ettirish, shuningdek pul-kredit siyosati va soliq byudjet siyosatini o‘zaro muvofiqlashtirib borish inflyatsiyani prognoz darajasida ushlab turishga yoki prognoz ko‘rsatkichidan pasaytirishga erishishga yordam beradi.
2019 yilda narxlar darajasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy nomonetar omillar:
- iqtisodiy islohotlarni kuchaytirish;
- tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirish;
- ob-havo va iqlim sharoitlari;
- soliq islohoti.