Prezident 19 fevral kuni Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo universal oyna” MCHJ faoliyati bilan tanishdi, deb yozadi prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev shisha idishlar ishlab chiqarish texnologik jarayonini, tayyorlanayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda “Sirdaryo universal oyna” korxonasi tomonidan klaster usulida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Korxona yonida “Sirdaryo glass” MCHJ tomonidan yangi texnologiya asosida bir vaqtning o‘zida farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun uch xil rangli shisha idishlar tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning yillik quvvati 136,1 million dona mahsulot bo‘lib, bu 11,3 million $ lik import o‘rnini qoplash imkonini beradi.

Kelasi yil ishga tushiriladigan korxonada 500 ish o‘rni yaratiladi, yiliga 3,7 million $ lik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi.

“Sirdaryo shisha” MCHJ tomonidan shisha idishlar uchun kvars qumini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Yiliga 438 ming tonna qum qayta ishlanadigan korxona uchun “Asaka bank"dan 5 million$ lik kredit ajratiladi, 5,1 million dollar korxonaning o‘z mablag‘idir.

“Sirdaryo universal oyna” va “Sirdaryo glass” korxonalarida ishlatib bo‘lingan issiqlik energiyasidan foydalanib, sabzavotlarni Yevropa tipidagi issiqxonada yetishtirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, “Sirdaryo universal oyna” korxonasi yonida 10 gektarlik issiqxona barpo etiladi.

Loyiha besh bosqichdan iborat bo‘lib, issiqxonalarni boshqarishning to‘liq avtomatlashtirilgan tizimi, suvni qayta sirkulyatsiya qilish va yomg‘ir suvlaridan foydalanish, sifat nazorati, ishlab chiqarish, resurslar bilan ta’minlashning yevropacha tizimini qamrab oladi.

Ushbu issiqxonada yiliga 2,5 ming tonna mahsulot yetishtirish, 6 million dollar atrofida sof daromad olish hamda 5 million $ lik mahsulotni eksport qilish ko‘zda tutilmoqda.

“Sirdaryo fish texnoloji” MCHJ tomonidan yopiq suv aylanma tizimi orqali baliq yetishtirish va qayta ishlash rejalashtirilgan. 2020 yilda ishga tushiriladigan loyiha samarasida yiliga 2 ming 750 tonnadan ziyod baliq yetishtiriladi, tashqi bozorga 3 million $, ichki bozorga 2 million $lik mahsulot yetkazib beriladi.

“Sirdaryo glass” korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash hamda konservalash yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu loyiha orqali yiliga 3 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi, 140 ish o‘rni yaratiladi. Bu viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saqlash va eksport qilish hajmini oshirish imkonini beradi.