Farg‘ona davlat politexnika institutida tahsil olayotgan 27 yoshli Saidbek G‘ulomov o‘zbekona milliy elektromobil ixtiro qildi, deb xabar beradi “Xalq so’zi”.

Saidbek avtomashina dizaynini yaratishda Farg‘ona do‘ppisi shakllaridan foydalangan.

Uning so’zlariga ko’ra, avtomobil uzunligi 4 metr 75 santimetrni, eni 2 metrni, balandligi esa 1,53 metrni tashkil etadi. Balandligi “Kobalt” bilan deyarli teng.

“Elektromobilning kuzovi yuz foiz alyuminiydan tayyorlandi. Chunki bu material yengil. U mashinaning yurish davomiyligini oshirishga xizmat qiladi. Avtoulovning afzalliklaridan biri yoqilg‘i sarfining tejamkorligida. Negaki, u elektr toki vositasida yuradi. Benzin va gaz tejaladi. 6,5 sekundda 100 kilometr soat tezlikka erishadi. Qiyoslash o‘rnida, “Malibu-2"da bu ko‘rsatgich 7,8 sekundni tashkil etadi. Narxi esa nisbatan arzon”, deydi elektromobil yaratuvchisi.

Elektomobil narxi xomaki hisob-kitoblarga ko‘ra 110−150 million so‘mni tashkil etadi. U xaridor xohish-istagiga ko‘ra, individual buyurtma asosida ishlab ishlab chiqariladi.

Ta’kidlanishicha, modelni yaratishda italyan, nemis, ingliz, yapon avtomobillarining barcha ustun jihatlarini uyg‘unlashtirilgan bo’lib, uning yagona kamchiligi bu qayta zaryadlash vaqtining uzoq davom etishidir.