Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Qashqadaryo viloyatida yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, G‘ilon va Ko‘l qishloqlarida etnoturizm yo‘nalishi tashkil etiladi hamda har bir qishloqda 5 tadan mehmon uylari tashkil etiladi. Saqlanib qolgan an’anaviy chorvachilik, polizchilik va bog’dorchilik bilan shug’ullanuvchi namunaviy mahalla vakillarining xonadonlari, polizlari va bog’lari turistlarni kutib olish uchun tayyorlanadi.

Shuningdek:

  • Varganza va Hazrati Bashir qishloqlarida agroturizm faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu yo‘nalish doirasida Anor festivali o‘tkaziladi.
  • Tatar, Zarmast va Vari qishloqlarida ekstremal turizm faoliyati tashkil etiladi hamda qishloqlarda 5 ta mehmon uyi, 5 ta kemping va 10 ta o‘tov quriladi.
  • Etnoqishloq — Amir Temur jangchilarining harbiy tayyorgarlik lageri barpo etiladi.
  • Sarchashma va Suvtushar qishloqlarida ekologik turizm, Kitob kenglik stansiyasi hududida astronomik turizm yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.
  • “Festivallar shahri” brendi ostida MICE turizm yo‘nalishi ochiladi. Ushbu yo‘nalish doirasida Amir Temur merosi va bunyodkorlik san’atiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar o‘tkaziladi.