“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda Shveytsariyaning “Stadler” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda vagonsozlik yo‘nalishi bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, O‘zbekistonda yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish hududdini tashkil etish, Markaziy Osiyo bo‘yicha eksportni yo‘lga qo‘yish kabi bir qator istiqbolli loyihalar muhokamasi bo‘ldi.

Tadbirda o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan “Stadler” kompaniyasining zamonaviy texnika va texnologiyalarini sanoat korxonalarida joriy etish, elektrovozning asosiy tortish tizimi, butlovchi qismlarini mamlakatimizga yetkazib berish borasida takliflar bildirildi.

Yig’ilishda Shveytsariyada tayyorlangan zamonaviy metro poezdlari va elektrichkalar harakatini O‘zbekistonda joriy etish borasida ham so‘z bordi.

Uchrashuv so‘nggida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga ham erishildi.

Stadler Rail Group Shvetsariyaning temir yo’l harakati ishlab chiqaruvchisi bo’lib, hududiy poyezdlar va tramvaylarga alohida e’tibor beradi. Kompaniya 1942 yil Shveytsariyaning Busnang shahrida barpo etilgan.