2019 yil Toshkentda 42 573 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi, xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Hozirgacha 7000 ta yangi ish o‘rni tashkil etilib, ularda aholining banligi ta’minlangan.

Shuningdek, ishsiz qatlamning poytaxtdagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga qilgan murojaatiga ko‘ra, 1079 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 179 nafari kasbga tayyorlashga va qayta tayyorlashga yuborildi, 315 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 190 nafariga 67 830 ming so‘m miqdorida ishsizlik nafaqalari tayinlandi va to‘lab berildi.

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tadbirkorlikka o‘qitish va kredit olishda sug‘urta polisi to‘lovi uchun talab etiladigan xarajatlar ham muntazam o‘rganilib, eng kam oylik ish haqi 10 baravari miqdorida to‘lab berilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida 5 mingdan ortiq korxonalarning mehnat qonunchiligiga amal qilishi va xodimlarining mehnat muhofazasini ta’minlashi borasidagi ishlari monitoring qilindi. O‘rganishlar asosida faoliyatida kamchiliklar aniqlangan korxonalarga nisbatan 300 mln.so‘mdan ortiq ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Prezident mart oyida 2019 yilda aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish to’g’risidagi hujjatni imzolagan edi. Qarorga muvofiq, 2019 yilda 370 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Bundan tashqari mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda 182 mingdan ortiq aholining bandligi ta’minlanadi.