Prezident raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Birinchi chorakda mamlakat bo‘yicha byudjet tushumlari to‘liq hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko‘p bajarildi. Chorak yakuni bo‘yicha mahalliy byudjet daromadlari rejaga nisbatan 1 trillion 253 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarilib, hududlar ixtiyorida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ qoldi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu vazifaning ahamiyatini hamma rahbar ham birdek anglab yetmayotganini keskin tanqid qildi. Jumladan, byudjetga tushumlar prognozi 9 tuman va shaharda bajarilmagan.

Ayniqsa, Toshkent shahrining o‘n bitta tumanidan yettitasida tushumlar prognozi bajarilmagan. Davlat rahbari soliq islohotlarini samarali amalga oshirish uchun hukumat oldida juda ko‘p vazifalar turganini ta’kidladi.

Jumladan, joriy yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni qariyb 5 baravarga oshgan. Lekin, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari samarali tashkil etilmagani sababli ushbu tizimga o‘tgan 26 mingta korxonadan 9 mingtasi tegishli soliq hisobotlarini topshira olmagan.

Vazirlar Mahkamasi va Davlat soliq qo‘mitasiga bir oy muddatda xalqaro ekspertlar bilan birgalikda O‘zbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Byudjet tushumlarini ta’minlashdagi asosiy to‘siqlardan biri iqtisodiyotda norasmiy faoliyatning saqlanib qolinayotganidir.

Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsmanga hokimliklar bilan birgalikda faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va faoliyatini tiklashda ularga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.