Markaziy bank boshqaruvi raisining o’rinbosari Botir Zohidov Visa va Mastercard’ning O’zbekistonda to’liq ishlamasligi sabablarini keltirdi.
Markaziy bank raisining o’rinbosari so’zlariga ko’ra, Visa va Mastercard jahon bozoridagi eng kuchli o’yichilardir. Agar ular O’zbekistonda to’liq ishlay boshlasa, mamlakatda kuchli raqobat paydo bo’ladi.
U xalqaro to’lov tizimlarining mamlakatda ishlamasligining uchta sababini keltirdi:
To’lov infratuzilmasining yo’qligi
“Ish haqini Visa kartalariga tushirishda qonuniy yoki ma’muriy cheklovlar yo’q. Banklar bunday mahsulotlarni taklif qilmaydilar, chunki ulardan biror joyda foydalanib bo’lmaydi. Masalan, siz maoshni Visa’da oldingiz, uni nima qilasiz? Agar xato qilmayotgan bo’lsam, butun mamlakat bo’ylab Visa va Mastercard’ni qabul qiladigan faqatgina 3000 ta terminal mavjud. “Humo” loyihasi barcha savdo va xizmat ko’rsatish korxonalarini Visa, Mastercard va UnionPay bilan integratsiyalashgan zamonaviy to’lov infratuzilmasi bilan jihozlashni nazarda tutadi “, dedi Markaziy bank raisining o’rinbosari.
Savdo ekvayringi uchun komissiyalarning yo’qligi
“Deyarli barcha mamlakatlarning savdo nuqtalarida komissiya mavjud. Shu sababli to’lov tizimining banklararo komissiyalari ham qoplanadi. Masalan, Rossiyada to’lov kartasi ekvayringi uchun o’rtacha 2−2,5% miqdorida to’lov olinadi. Bunda to’lov tizimi ham, banklar ham foyda ko’radi. Ushbu miqdordan mablag’larning bir qismi foydalanuvchilarga keshbeklar shaklida qaytariladi “, — deydi regulyator vakili.
Uning so’zlariga ko’ra, O’zbekistonda 15 yil avval naqd pulsiz to’lovlarni rivojlantirish uchun chakana savdo do’konlari komissiya to’lamasligi haqida qaror qabul qilindi. Hozirda to’lov tizimi harajatlari bank zimmasida.
Bunday sharoitda Visa, Mastercard yoki boshqa xalqaro to’lov tizimi ishlamaydi, dedi Botir Zohidov. Mahalliy savdo korxonalarini butun dunyoda bo’lgani kabi, har bir tranzaksiyadan 2,5−3% to’lashga majbur qilish mumkin emas.
Bir nechta kartochkalarni bitta ishchi hisobiga bog’laydigan tizimning yo’qligi
“Mahalliy kartalar bo’lishi kerak deb o’ylayman. Shu bilan bir vaqtda, bir nechta kartochkalarni bitta ishchi hisobiga, masalan, mahalliy va Mastercard’ni bog’lash mumkin. Qaysi karta qulayroq bo’lsa shundan foydalaniladi “, deydi Botir Zohidov.
Uning so’zlariga ko’ra, bunday mexanizm yo’qligi, Visa va Mastercard’ning mamlakatda mavjud emasligining uchinchi sababidir. Markaziy bank, har ikkala kartani bir hisobga bog’lash tizimning texnik ishlanmasi bilan shug’ullanmoqda.