2019 yilning yanvar — martida O`zbekiston YIM hajmi joriy narxlarda 91 trln so`mni tashkil etdi va 2018 yilning yanvar — marti bilan taqqoslaganda 5,3% ga o`sdi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Aholi jon boshiga hisoblangan YIM 2,7 mln so`mni tashkil etdi va bu ko`rsatkich o`tgan yilning mos davriga nisbatan 3,4% ga yuqoridir.

YIM o`sish sur`atiga xizmatlar sohasi eng katta ta`sir ko’rsatdi (2,0 f.p.) va bu soha o`tgan yilning mos davriga nisbatan 5,0% ga o`sdi. Shundan, savdo xizmatlari (avtotransport vositalarini ta`mirlashni qo`shgan holda) 4,2% ga, yashash va ovqatlanish bo`yicha xizmatlar 3,7% ga, tashish va saqlash 4,6% ga, axborot va aloqa 2,7% ga va boshqa xizmatlar 5,7% ga o`sdi.

Sanoat tarmog`ining qo`shilgan qiymatida 6,8% lik o`sish qayd etildi. Sanoat tarmog`idagi ijobiy dinamika tog`-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog`i qo`shilgan qiymatining 4,8% ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmog`i qo`shilgan qiymatining 7,6% ga va boshqa sanoat tarmoqlarining 5,5% ga o`sishi hisobiga ta`minlandi.

2019 yilning yanvar — marti yakunlari bo’yicha, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoati qo’shilgan qiymati tarkibida eng katta ulush metallurgiya va metalni qayta ishlash sanoatiga (mashina va uskunalardan tashqari) to’g’ri keldi va 36,7% ni tashkil etdi.