Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutuvchi bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi dyeputatlarning tortishuvini keltirib chiqardi.

Mazkur hujjat pul-kredit siyosati va uning instrumentlarini tubdan takomillashtirish, narxlar barqarorligiga qaratilgan ta’sirini kuchaytirish, jumladan, amalga oshirilayotgan choralar asosida asossiz inflyatsion holatlarining oldini olishga qaratilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zgarishlarga ko‘ra, Markaziy bankning xususiy tijorat banklaridagi vakili institutini joriy qilish masalasiga e’tiroz bildirdi. Deputat banklarda Markaziy bank vakilining bo‘lishi qonun orqali belgilab qo‘yilishi moliya muassasalari mustaqilligini ta’minlash yo‘lida to‘siq bo‘lib qolmaydimi, degan savolni o‘rtaga tashladi:

“Ertaga sarmoyadorlarning ishonchini qozonish, odamlarning bo‘sh pul mablag‘larini banklarga jalb qilish masalalarida muammolar yuzaga kelmaydimi? Chunki ayni paytda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida banklarning mustaqil bo‘lishiga, kredit siyosatini mustaqil yuritishiga va shu orqali sohalarga investorlarni jalb qilishga e’tibor qaratilayotgan bir paytda bunday “yangilik"ni joriy qilishdan avval jiddiy o‘ylab ko‘rish lozim”, — dedi Kusherboyev.

O‘z navbatida, majlisda qatnashgan Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Temur Ishmetov Markaziy bankning tijorat banklaridagi vakili institutini joriy etish masalasi 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirish ko‘zda tutilganligini qayd etdi:

“Bu yerda Markaziy bankning, ya’ni monitar siyosat sohasida yetarli darajada mustaqilligini, ikkinchidan, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida uning regulyator funksiyasini kuchaytirishdan iborat. Qolaversa, mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar tomonidan beriladigan suveren reyting ko‘rsatkichlarini yanada oshirish uchun eng asosiy qiladigan ishlarimizadan biri moliyaviy barqarorlikni saqlashga asos bo‘luvchi kuchli moliyaviy regulyatorni ta’minlashimiz lozim. Xalqaro hamjamiyatning talabi ham ana shu”, — dedi Temur Ishmetov.

Regulyator vakilining so’zlariga ko’ra, masalaning boshqa muhim jihati ham bor: tijorat banklarini boshqa turdagi tadbirkorlik subyektlari bilan solishtirib bo‘lmaydi. Masalan, har qanday yirik tadbirkorlik subyekti, deylik, qaysidir sabablarga ko‘ra, bankrotlikka uchrashini yoki o‘rtaholdagi bankning bankrotligi bilan ularning oqibatlarini solishtirib bo‘lmaydi. Sababi, o‘rtahol bank mablag‘ining aksariyati omonatchilarga yoki boshqa tashkilotlarga tegishli.

Temur Ishmetov qayd etishicha, Markaziy bank vakili moliya muassasasida har kuni, doimiy ravishda ishlaydi, degani emas. Faqatgina Markaziy bankda muayyan bankning xatti-harakati xavfli tus olganida, u Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan normativlarga rioya qilmayotgani aniqlansagina, vakil o‘sha bankning faoliyatini o‘rganadi. Vakilning tijorat banki xo‘jalik faoliyatiga aralashish bilan bog‘liq hech qanday vakolati bo‘lmaydi.

Deputat Rasul Kusherboyev qonun loyihasida nazarda tutilayotgan vakil masalasida faqat bir mamlakatning tajribasiga tayanib ish ko‘rib bo‘lmasligini, bank sohasi rivojlangan davlatlar amaliyotini ham chuqur tahlil qilish kerakligini ta’kidladi va “Aytilganidek, vakilning vakolatlari chegaralangan ekan, u holda, bu institut nima uchun kerak?”, dedi.

“Xususan, loyihada jamoatchilik nazorati masalasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Holbuki, mazkur qonun loyihasida Markaziy bankning faoliyati ochiqligini ta’minlashga xizmat qiluvchi birorta ham norma yo‘q. To‘g‘ri, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi qonun bor, lekin Markaziy bank davlat hokimiyati va boshqaruvi organi hisoblanmaydi. Menimcha, bu xalqaro tajribaga ham to‘g‘ri kelsa-da, qonun loyihasida ochiqlikni ta’minlashga xizmat qiladigan alohida bo‘lim bo‘lishi va shunga asosan Markaziy bank faoliyatiga doir ochiq ma’lumotlar uning rasmiy veb-saytida majburiy tartibda e’lon qilinish lozim', — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev.

Uning so’zlariga ko’ra, Markaziy bank mablag‘larni qayerdan olyapti, qayerga sarflayapti, faoliyatiga doir brifing, matbuot anjumanlari, konferensiyalar va shu kabi tadbirlarni qanday o‘tkazyapti, degan savollarga javob bo‘lishi kerak. Shu nuqtai nazardan, qonunga jamiyatga ochiqlik tamoyillari asosida mazkur jarayonlarni nazorat qilishga imkon beruvchi mexanizmlarni kiritishimiz maqsadga muvofiq.

Yakunda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi. Mas’ul qo‘mitaga loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlashda masalaga jiddiy yondashish, qonun tashabbuskorlari, deputatlar, ekspertlar bilan birga ishlash, tijorat banklari vakillarining ham bu boradagi fikr-mulohazalarini tinglab, har tomonlama pishiq-puxta holiga keltirish vazifasi yuklatildi.