Yagona umumrespublika protsessing markazi va “Xalq banki” pensiya kartalaridan foydalanishga tegishli yangi imkoniyatlarni joriy etdi, xabar beradi kompaniya matbuot xizmati.

“Xalq banki” tomonidan chiqariluvchi pensiya kartalari pensioner istagiga ko‘ra bepulga ochiladi va pensiya belgilangan muddatda avtomatik ravishda Uzcard kartasiga tushiriladi. Bankgaga qarashli bankomatlar va kassalar orqali pensiya kartalaridagi pul mablag‘ini naqdlashtirish xizmati uchun komission to‘lovlar belgilanmaydi.

Mazkur loyiha pensiya kartalari egalari uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni, jumladan, overdraft xizmatlaridan foydalanishni nazarda tutadi. Ushbu kartalarda uch minimal ish haqi miqdorida overdraft krediti mavjud.

Overdraft — mijoz hisob raqamida yetarlicha mablag‘ bo‘lmagan holatda bank tomonidan kredit ajratilishidir.

Taklif etilayotgan overdraft xizmatlaridan oylik pensiya belgilanishidan oldin har oy foydalanish mumkin. Overdraft kreditning amal qilish muddati 12 oyni hamda oylik foizi 1,33 ni tashkil etadi.

Ushbu xizmat turidan foydanuvchi mijoz “Xalq banki” tomonidan belgilangan tartibda karta hisobiga ma’lum pul miqdorini qabul qilishi hamda ko‘zda tutilmagan harajatlarga yo‘naltirishi mumkin.