Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Buxoro shahrida arab tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini tashkil etish” to’g’risidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Qaror loyihasiga ko’ra, Buxoro viloyati hokimligining faoliyati tugatilayotgan Kogon tumanidagi Maishiy xizmat kasb-hunar kolleji bazasida arab tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati tashkil etiladi.

2020−2021 o‘quv yilida maktab-internatining 5−8-sinflariga hamda 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab 5-sinfiga 30 nafardan o‘quvchi tanlov asosida qabul qilinadi.

Maktab-internatga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish maqsadida ona tili, adabiyot va chet tili fanlaridan test sinovi hamda psixologik-pedagogik tashxisdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2020 yil 1 avgustga qadar maktab-internatning ustavi tasdiqlanib, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi, shuningdek oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan iqtidorli pedagog kadrlar jalb etiladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 1 iyunga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.