Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, foydalanish, berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish fuqarolarga eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur harakatlar quyidagi holatlarda eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi:

  • bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;
  • takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
  • g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa;
  • xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa;
  • og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa.