O’zbekistonda yosh matematiklar o’quv markazi tashkil etiladi.

Bu haqda prezidentning “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.

Qarorga muvofiq, o’quv markazi vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • umumta’lim maktablari va litseylarning o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari va doktorantlar uchun matematika bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etish;
  • O‘zbekiston terma jamoasini xalqaro matematika olimpiadalariga tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • iqtidorli yoshlarni saralab olish va maqsadli tayyorlash jarayonlariga o‘qitishning zamonaviy usullarini va pedagogik innovatsiyalarni joriy etish;
  • yetakchi olimlar va yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy olimlar va mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb qilish.

Qaror bilan Matematika fanini rivojlantirish va V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini takomillashtirishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi maqsadli dastur tasdiqlandi.

2020 yildan ilmiy laboratorilar va ilmiy xodimlarning faoliyati har yili Fanlar akademiyasi tashkil etadigan maxsus komissiya tomonidan baholanadi.

Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tashkil etildi. Kengashning asosiy vazifasi fan va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish hisoblanadi.