15 iyuldan e’tiboran bank kartalari orqali operatsiyalarni amalga oshirishga oid SMS-xabarlari narxlari oshiriladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

11313 qisqa nomeridan kiruvchi xabarlar uchun haq miqdori 42,1 dan 84,2 so‘mgacha oshiriladi.

“Bu kompaniyaning — Humo, Info Zone MCHJ to‘lov tizimida SMS-xabarlarni yetkazib beruvchining xarajatlari oshishi, ya’ni aynan mobil operator tomonidan SMS narxlarining oshirilishi bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.

Humo kartalari egalariga bank kartalari orqali operatsiyalar to‘g‘risida @HUMOcardbot milliy to‘lov tizimining rasmiy boti yordamida axborot olish taklif etiladi.

Sinov davri doirasida xizmatning bepul ko‘rsatilishi davom etadi. Keyinchalik foydalanuvchiga tanlash imkoniyati taqdim etiladi: u bu xizmatdan haq to‘lab foydalanishi yoki xizmatni uzib qo‘yishi mumkin. Xizmatning narxlari keyinroq belgilanadi.