Andijon viloyatida 5 ta kichik sanoat zonasi barpo etiladi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “2019−2022 yillarda Andijon viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan, xabar beradi “Norma”.

Qaror bilan tasdiqlangan Andijon viloyatini rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 14,7 trln soʻm boʻlgan va 1,1 mlrd $ miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilgan holda 553 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga viloyatda yangi kichik sanoat zonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi hujjatlar kiritiladi. Xususan, quyidagi KSZlari tashkil qilinadi:

  • kooperatsiya usulida yuqori texnologik ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan KSZ — Xonobod shahridagi sobiq “Suv qurilish jihozlari” MChJga tegishli boʻlgan maydoni 45,5 ga foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida;
  • paypoq va boshqa toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan KSZ — Qorasuv shahridagi sobiq paypoq ishlab chiqarish fabrikasining hududida;
  • “Andijon” (hududi — 1,9 ga, bino va inshootlar maydoni — 780 m2), “Jalaquduq” (0,4 ga, 4 000 m2) va “Oltinkoʻl” (1,7 ga, 3 177 m2) KSZlari — tashqi infratuzilma obyektlariga ulangan, faoliyat koʻrsatmayotgan va samarasiz ishlatilayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida.