Pyotr Ten va Olim O‘ktamov Tomato pitsaxonasini boshqa umumiy ovqatlanish loyihalarida ishlaganlaridan keyin ochishdi. Loyiha ancha tez foydaga kirdi va kuniga 70 ta atrofida pitsa sotilmoqda, asoschilari esa o‘z souslarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishga qaror qildilar.

Pitsa-biznesga yo‘l

Pyotr Ten pitsa-biznesga It va savdodan keldi, biroq fastfud bozori bilan ko‘pdan beri qiziqib yurardi. Buning ustiga pitsani xorijda — Janubiy Koreyada uch yil yashaganda o‘rganishni boshlagan edi.

Pyotr bu sohada yo‘lga qo‘ygan birinchi loyiha Chopar Pizza bo‘ldi — kompaniya asoschisi Ahmad Meliboyev 2015 yili loyiha boshlangandan keyin bir necha oy o‘tgach, uni boshqarishga taklif qildi. U yerda Pyotr biznes bo‘yicha bo‘lajak hamkori — dizayner Olim O‘ktamov bilan tanishdi.

“Tahminan yarim yilda men loyihani izga solishga, xalq brendiga aylantirish va uni Toshkentda bozorning top 3 ishtirokchisiga aylantirishga muvaffaq bo‘ldim. Bu davr menga katta tajriba berdi”, — deydi Pyotr Ten.

Choparda ishlagan ikki yarim yil davomida turli-tuman yangiliklarni joriy etdi: pitssa chetlarida xamirga o‘ralgan sosiskalar, quti-konstruktor, pitsa-burger, qora qutichadagi qora xamirli pitsa, bonusli dasturlar va boshqa ko‘plab fishkalar.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Tomato esa tanish-bilishlar Yashnobod tumanidagi Centara avtomobil yuvish shahobchasi binosini ijaraga olishni taklif qilganlaridan keyin boshlandi. Uning egalari ishga ozmuncha mablag‘ kiritmagan edilar va uni kompleks servis sifatida rivojlantirishni xohlashdi.

Bu vaqtga kelib, Pyotrning tajribasi ancha oshib qolgandi (Chopardan keyin Meliboyev bilan hamkorlikda “BRO” burgerxonasini ishga tushirdi, keyinroq, Hot-DogiDog tamaddixonalari tarmog‘ini boshqardi), va o‘z pitsaxonasini tashkil etishga qaror qildi. Buning uchun unga hamfikr kerak edi va tadbirkor loyihaga sobiq hamkasbini taklif qildi.

Hamma gap pomidorlarda

Tomato nomi bejiz kelib chiqqani yo‘q. Birinchidan, loyihaning yangiligini bo‘rttirib ko‘rsatish lozim edi — ikki yil avval bu yo‘nalish AQShda juda ommalashgan bo‘lib, hozir O‘zbekistonda rivoj topa boshladi. Ikkinchidan, tadbirkorlar boshidan HoReCa segmenti uchun tomat sousi ishlab chiqarishni rejalashtirgan edilar.

Italiyada pitsa uchun sousni pelati navli pomidorlardan tayyorlashadi (u shuningdek, san-marsano nomi bilan ham mashhur), bu navni XX asrning boshlarida uch xil navni aralashtirib yaratishgan. O‘zbekistonga bu nav konservalangan holda keltiriladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Avvaliga sousni Mutti konservalangan tomatlaridan qilishdi, biroq hisob-kitoblardan keyin bu qimmat ekanini tushunishdi. Buning ustiga sousdagi tuz tufayli pitsa ba’zan sho‘r bo‘lib qoldi, shuning uchun ular sousni o‘zlari tayyorlashga qaror qilishdi. O‘zbekistonda ta’mi bo‘yicha pelatiga juda o‘xshaydigan pomidor va tajribali texnolog topilgani ular uchun katta omad bo‘ldi.

“Biz ko‘chat sotib olib, uni Oqqo‘rg‘ondagi (Toshkent viloyati) qarindoshlarimning tomorqasiga ekdik. Birinchi hosil, afsuski bo‘lmadi, negaki aprel va may oylarida yomg‘ir juda ko‘p yog‘di. Ammo biz taslim bo‘lmadik va darhol 45 bog‘lamdagi yangi pomidor ko‘chatlarini ekdik”, — deydi Pyotr Ten.

Hozircha, pitsaxonada xarid qilingan pomidorlardan foydalanilmoqda, biroq avgust oyining boshlarida mahsus o‘stirilgan pomidorlardan sous tayyorlashni rejalashtirishmoqda.

Shuningdek, to‘rt baravar ko‘proq hosil beradigan va barqaror havoda oktyabr oyiga qadar hosil olish mumkin bo‘lgan yana bir navni topishdi. Hozir hamkorlar uni ekish uchun joy qidirishmoqda,

“Sous” iqtisodiyoti

Tadbirkorlar “sous” iqtisodiyoti qanday yo‘lga qo‘yilganiga izoh berishadi: pomidor ko‘chati 140 so‘m turadi, u yiliga 2−3 kilogrammdan uch marta hosil beradi, qariyb uch oy o‘sadi.

Oqqo’rg’ondagi tomorqa. Foto: qahramonlar arxividan

Uch oy davomida ekinni ekib parvarishlaydigan dehqonning maoshi 500 000 so’m, sug‘orish uchun ketgan suvga 150 000 so‘m, pomidorni terib beruvchilarga kuniga 50 000 so‘mdan, shuningdek, har biri 5 000 so‘m turadigan 15 ta yashik ham kerak. Transport harajatlari 150−200 000 so‘m. Shunday qilib, barcha harajatlarni chiqarib tashlagandan keyin bir kilogram yetishtirilgan va sotib olingan pomidorning narhidagi farq 1500 so‘mni tashkil qildi (iyul oyining boshida).

“Tannarhi bo‘yicha farq juda katta, deyarli 200%, biroq bu biz yer uchun to‘lamaganimiz, ko‘chatlarni parvarishlash uchun to‘lov juda oz bo‘lgan, hosil esa uncha ko‘p bo‘lmagan bir sharoitdagi hisob-kitoblar. Biz bu yil jami yarim tonnadan sal ko‘proq hosil yig‘ishtirib olishni rejalashtiryapmiz”, deb aytdi — Pyotr Ten.

O‘z tomatlaridan sous tayyorlashga o‘tish bilan pitsaning tannarhi 9%ga pasaydi.

“4 litrli bankadagi Mutti tomatlari 150 000 so‘m turadi Litri — 37 500 so‘mdan. Bir litridan nari-berisi bilan ikki litr sous qilish mumkin. Natijada bir litr sous bizga 18 750 so‘mga tushadi. O‘zimiz tayrlagan bir litr sous esa taxminan 5 000 so‘m, ya’ni uch baravar arzon”, — Pyotr Ten.

Hozir kompaniya o‘z savdo nuqtalari uchun birinchi turkum sousni tayyorlashni rejalashtirmoqda, ikkinchisini boshqa pitsaxona va restoranlarga (B2B) sotib ko‘rmoqchi, keyin esa sous bilan bozorga (B2S) chiqish niyati bor: bu ishlarni shu yilning o‘zida pomidorni ulgurji sotib olgan holda, yoki kelasi yili , biroq, o‘z tomatlari bilan amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Pitsaxona esa odamlar mahsulotni tatib ko‘radigan va fikr qoldiradigan o‘ziga xos shourum bo‘ladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Qaysi rejalar amalga oshmadi va Dodo Pizza nima bilan yordam berdi?

Bu ishni yo‘lga qo‘yish uchun Pyotr va Olim avvalgi loyihalardan to‘plagan 7000 $ atrofida shaxsiy mablag‘larini kiritdilar. Garchi bino ishga tayyor bo‘lsa-da, qo‘shimcha harajatlar talab etildi, masalan ayrim interyer elementlari.

Ish boshlaganda tez “yorib o‘tish” rejalashtirilgan edi, biroq, tadbirkorlar ikki omilni hisobga olmagandilar: ro‘za vaqti va yomg‘irli mavsum. Ikki oy biznes o‘xshamadi va xatto yopilish chegarasiga ham kelib qoldi — kuniga 10−15ta pitsa sotildi.

“Avvaliga odamlar mashinalarini yuvdirishga kelganlarida bir yo‘la pitssaxonamizga ham kiradilar, degan fikrda edik. Biroq endi o‘z mijozlarimiz paydo bo‘ldi, ular pitsa yegani kelishadi va bunga qo‘shimcha ravishda mashinalarini ham yuvdirishadi. Atrofda pitsani uylariga yetkazib beradigan mijozlarimiz ham paydo bo’ldi”, — deydi Pyotr Ten.

Ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tajriba Dodo Pizzadan olindi: Pyotr franshizani yaratgan Fyodor Ovchinnikovning Toshkentdagi ma’ruzasida bo‘ldi, u yerda Dodo Pizza uchun BTL-reklama (shaxsiy kontaktni o‘z ichiga olgan instrumentlar), ayni flayerlarni tarqatish samara berganini bildi.

O‘shanda hamkorlar ikkita katta banner va bir necha flayerlar chiqardilar, pitssa, qo‘lqoplar, bir marta foydalaniladigan idishlar solingan sumkani olib hovlilarga chiqdilar.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

“Uzoq davom etmagan bu tadbir samarasi tez o‘zini ko‘rsatdi. Keyin biz qo‘shni hududlarda flayerlarni tarqatishda davom etdik va bugun savdomizdagi natijalar mana shu tadbirlar tufayli olindi. Biz o‘zimiz hamma yerda bo‘lishga va bu ishlarni boshqalarga topshirmaslikka harakat qilamiz. Bu borada katta tajribaga ega bo‘lganimizdan keyin nega boshqalarga ishonishimiz kerak?”, — Pyotr Ten.

O‘shanda qo‘shni mijozlardan yetkazib berish bo‘yicha juda ko‘p buyurtmalar keldi. Keyin ikki oy davomida hudud bo‘yicha bepul yetkazib berdik, so‘ngra qo‘shnilar uchun bepul yetkazdik. Bu aksiyalar qo‘ng‘iroqlar sonini 50−60%ga oshirdi.

“Yana liftlarda reklama ham bor edi. Biroq negadir yarim oy davomida u hech qanday samara bermadi. Shu o‘rinda bu xildagi reklama Sergelidagi Choparda juda yaxshi ishlaganini aytish joiz. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerlardagi uylarning liftlari juda xira yoritilgan bo‘lib flayerlarni o‘qish qiyin bo‘lgan. Bundan tashqari offer ham bo‘lmagan: biz shunchaki reklama va yetkazib berish bo‘yicha telefon raqamini bergandik xolos. Qisqasi, lift ish bermadi.Bu reklamadan konfersiya 5%ni tashkil qildi xolos”, — Olim O‘ktamov.

Olim O’ktamov. Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Hozir ishlarimiz ancha yaxshi — kuniga 60−70 ta pitssa sotiladi. Har oyda mijozlar soni taxminan 10−15%ga oshmoqda. Bunda ob-havo, mashinalarni yuvishga olib kelish oqimi va marketing faolligi ham muhim o‘rin tutadi. Ayni vaqtda, masalan, yakshanba kunlari bolalar uchun mahorat darslari ham o‘tkaziladi.

“Biz ayni shu hududda rivojlanyapmiz va shaharning boshqa qismiga hozircha chiqayotganimiz yo‘q. Birinchidan, markazdan ancha olisdamiz, ikkinchidan, bu yerda doim qurilish olib boriladi, tiqilinchlar juda ko‘p, shuning uchun biz tez yetkazib berishga va’da berolmaymiz va shu bilan birga pitsa sovib qolishi mumkin. Biroq, biz yana bir pitsaxona, bu safar shahar markazida, ochishni rejalashtiryapmiz. Hozir to‘g‘ri keladigan joy qidiryapmiz”, — Pyotr Ten.

Moliya, resurslar, personal

Bu xildagi muassasalarning tashkil etilishi, o‘zini tutib olishi va foyda ko‘rishi uchun kamida olti-sakkiz oylar kerak bo‘ladi, ta’kidlaydi Pyotr. Tomato esa bunga ish faoliyatining to‘rtinchi oyida muvaffaq bo‘ldi.

Odatda pitssaxonaning daromadliligi 30−35% atrofida, Tomatoda esa u hozir 50%ga yetadi.Bunday ko‘rsatkichga xodimlar shtatini, oshxonadagi hisobga olish tizimi va logistika harajatlarini maqbullashtirish hisobiga erishildi. Bunda ombordagi maxsulotlar, kassa ishi va boshqalarni kuzatib boradigan avtomatlashtirish dasturi yordam berdi.

Garchi boshida pitssaxonada olti kishi ishlagan bo‘lsa-da, bularning barchasini bir kassir nazorat qilishi mumkin.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

“Biz startap-loyiha sifatida ish olib boryapmiz va hammasini o‘z kapitalimiz hisobiga moliyalashtiramiz. Biroq agar bu bosqichni birga bosib o‘tishni istagan investorlar bo‘lsa, bu masalani ko‘rib chiqishimiz mumkin”, — Pyotr Ten.

Qo‘shimcha sarmoyalar zarurligi aniq — o‘z sous ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish uchun 200 000 $ atrofida mablag‘ topilishi lozim. Tadbirkorlar bu masalada texnologlar bilan maslahatlashishdi va reja mo‘ljalab qo‘yishdi.

“Bankdan kredit olish mumkin, biroq katta foizlar uni tez chiqarib olish imkonini bermaydi. Yana qandaydir pul zahirasi kerak”, — Pyotr Ten.

Shuningdek, mahsulotni qanday ko‘rinishda sotish, qaysi mijozni qanday o‘ram ko‘proq qoniqtiradi: sut o‘rami kabi qog‘ozmi, u arzon, shisha idish esa uzoq muddatli saqlashga yaxshi, bularni aniqlash lozim. Agar mahsulotga talab yuqori bo‘lsa, navlar va tarqatish ustida ish olib borish lozim.

Stritfud

Pitsaxonaga qadar Pyotr va Olim Corn Dog brendi ostida korn-doglar ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishdi. Bu — jo‘hori unidan tayyorlangan xamirga o‘ralgan sosiska bo‘lib, u g‘arbda ommalashgan yegulik, ayni paytda O‘zbekiston uchun yangilik edi va somsa, kabob va boshqa milliy stritfutlarning muqobilli desa bo‘ladi.

Loyiha 3000−4000 $ mablag‘ kiritishni talab etdi, uning ochilish marosimi yangi yil oldidan Markaziy bog‘dagi (sobiq Telman parki) Coca-Cola New Year Festda o‘tkazildi.

“Stritfudda hamisha odamlar bilan muloqot ko‘p bo‘ladi. Biz o‘zimiz mijozlarga xizmat qilish va ularga mahsulot haqida so‘zlab berishga harakat qilamiz. Mahsulot ahir bu lokatsiya uchun yangi. Har birimiz texnolog bo‘lishga ulgurdik: o‘zimiz retsept ishlab chiqardik, qovurdik, tatib ko‘rdik”, — Olim O‘ktamov.

Tadbirkorlar Tomato bilan birga Corn Dog’ni ham yanada rivojlantirishni rejalashtirishmoqda:

“Agar pitssaxonada biz qandaydir strategiyani ishlab chiqadigan bo‘lsak, korn-dog — bu ko‘proq yuragimiz uchun”, — Pyotr Ten.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Ma’lumot

Pyotr Ten 1983 yili tavallud topgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tugatgan. UzPaynetning marketing bo‘limini boshqargan, bir yarim yil Beelinda marketolog bo‘lib ishlagan (B2S), bir yil — Janubiy Koreyaning Rossiyadagi Charmbud International Co LTD kompaniyasida savdo vakili bo‘ldi. 2013 yili Itda rekruting bo‘yicha startap ustida ish olib bordi, Moskvada turli loyihalarda qatnashdi. 2015-yili Chopar Pizza loyihasini boshqardi. 2018 yili — “BRO” burgerxonasi va Hot-DogiDog loyihalari rahbari. 2019 yil boshida OttoRestorans kompaniyasiga asos soldi.

Olim O‘ktamov 1994 yili tug‘ildi. Mirzo Ulug‘bek informatika kasb-hunar kollejini tugatdi. 2011 yili akasi bilan birga Planeta Bistro oilaviy restoranini ochdi. 2012 yildan “Avtosankomplekt” MChJda marketolog bo‘lib ishladi, 2014-yili “O‘zavtosanoat” AKning dizayn bo‘limiga ishga o‘tdi. 2016 yili dizayner sifatida Credit Asia, Bambi, All Home, All Leasing brendlari bilan ishladi. 2017 yili Chopar pitsaxonalar tarmog‘iga mahsulot-dizayneri bo‘lib ishga kirdi. 2018 yili SSP Maroqandda avval mahsulot dizayneri, keyin marketing bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishladi.