Innovatsion rivojlanish vazirligi Germaniya Ta’lim va tadqiqotlar vazirligi bilan hamkorlikda Germaniya tadqiqot institutlarida ikki hafta davomida malaka oshirishlari uchun grant dasturini e’lon qildi.

Tanlovda aqlli shahar, atrof-muhitni o‘rganish, barqaror rivojlanish, qishloq xo‘jaligi va madaniy merosni asrashga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni tadqiq etishga qaratilgan loyihalarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Innovatsion faoliyatga yo‘naltirilgan va natijalarini amaliyotga joriy qilishga qaratilgan loyihalar tanlovda ustunlikka ega bo‘ladi.

Til bilish sertifikatlari (IELTS, TOEFL, CEFR, TestDaF, Goethe Zertifikat va boshqalar)ga ega, ingliz yoki nemis tilida ilmiy maqolalari chop etilgan nomzodlarga tanlovda ustunlik beriladi.

Nomzodlarning ikki tomonlama aviachiptalari, Germaniyada turar joy va oziq-ovqat xarajatlari, Germaniya hududida ichki yo‘l xarajatlari va loyiha bilan bog‘liq boshqa xarajatlari tashkilotchilar tomonidan to‘liq qoplab beriladi.

Amaliyot dasturida ishtirok etib qaytgan nomzodlar (15 tagacha o‘zbekistonlik yosh olimlar) 2019 yil oktyabr oyida “INNOWEEK” — innovatsion g‘oyalar haftaligi davomida tadqiqot natijalariga bag‘ishlangan taqdimotlari yoki o‘z loyihalari bilan qatnashishlari lozim.

Shuningdek, g‘oliblar o‘zlari birga ishlagan tashkilotlar bilan hamkorlikda Germaniya hukumati tomonidan o‘tkaziladigan ilmiy tanlovlar va grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.

Nomzodlarga qo‘yilgan talablar:

  • ilmiy tadqiqot rejasining yuqori darajada bo‘lishi;
  • innovatsion faoliyatga bo‘lgan qiziqish;
  • ingliz va/yoki nemis tilini bilish;
  • o‘zlari amaliyot o‘tashni xohlayotgan tashkilot bilan aloqaga ega bo‘lishlari tavsiya etiladi.

Arizalar 31 avgustga qadar havola orqali qabul qilinadi. Batafsil ma’lumot bu yerda.