Prezident farmoniga binoan O’zbekiston havo yo’llari tizimida bir qator yangiliklar amalga oshiriladi.

“Ochiq osmon” rejimi

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab xalqaro huquq normalariga muvofiq Qarshi, Nukus va Termiz xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi"ni qo‘llagan holda, shuningdek, “Buxoro” xalqaro aeroportida “beshinchi havo erkinligi"ni xorijiy davlatlar fuqarolarini tashishda qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi.

Spot “Ochiq osmon” rejimi Nukus aeroportida ishga tushirilishi haqida yanvar oyida xabar topgan edi. Fevral oyida Malayziyalik mutaxassislar Buxoro aeroportini “ochiq osmon” formatiga o‘tkazish taklifini berdi.

Uzbekistan Airports AJ huquqlari kengaydi

Respublikaning xalqaro aeroportlari takliflariga ko‘ra:

  • aeroport tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar (O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlardan tashqari) uchun stavkalar hamda yig‘imlarni belgilash va o‘rnatish;
  • aeroportning aviatsiya yonilg‘isi va yoqilg‘i-moylash materiallarini saqlash uchun zaruriy infratuzilmani kengaytirish va modernizatsiya qilish;
  • mahalliy yoki xorijiy yuridik shaxslar bilan tanlov asosida aviatsiya yonilg‘isi va yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar, shuningdek, ularni mamlakatning xalqaro aeroportlariga reyslarni, shu jumladan, tranzit reyslarni amalga oshiruvchi mahalliy yoki xorijiy aviakompaniyalarga sotish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqi beriladi.

Aviaqatnovlar narxlari optimallashtiriladi

Ikki oy muddatda Uzbekistan Airways AJ va Uzbekistan Airports AJni rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi barqaror biznes-model ishlab chiqiladi:

  • qaytarilmaydigan va bagajsiz tariflardan foydalanish yo‘li bilan aviaqatnovlar narxlarini optimallashtirish bo‘yicha xalqaro tajribani joriy etish;
  • aeroport infratuzilmasini qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturi;
  • havo kemalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish;
  • aviatsiya yonilg‘isi va yoqilg‘i-moylash materiallarini uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash choralari;
  • aviachiptalarning onlayn savdosi imkoniyatlarini kengaytirish va elektron avia yuk varaqalarini rasmiylashtirish tizimini joriy qilish;
  • O‘zbekiston ichida viloyatlararo yo‘nalishlar bo‘yicha aviaqatnovlarni, shu jumladan, yaqin va o‘rta masofalarga uchishga mo‘ljallangan havo kemalaridan foydalanish hisobiga rivojlantirish;
  • respublika ichida norentabel qatnovlarni amalga oshiruvchi aviatashuvchilarni subsidiyalash mexanizmini amalda joriy qilish.