Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va Singapurning Kinder World International Group kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi uchta memorandum imzolandi, xabar beradi hokimlik matbuot xizmati.

Memorandumlar O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’lim tizimini isloh qilishga kompleks ko‘maklashish maqsadiga yo‘naltirilgan bo‘lib, Toshkentdagi o‘quv muassasalarida Singapur ta’lim tizimini faol joriy etishni nazarda tutadi.

Xususan, Toshkentda 50 gektar maydonda 100 mln $ miqdoridagi investitsiya hisobiga “Singapur ta’lim shahri” qurilishi loyihasi amalga oshiriladi.

Qo‘shma loyihalarning yana biri, poytaxtda maktabgacha ta’lim muassasasini qurishni nazarda tutgan. Unga ko‘ra, 1 gektar maydonda 600 nafar bolaga mo‘ljallangan bolalar bog‘chasi barpo qilinadi. Buning uchun Kinder World International Grour kompaniyasi tomonidan 6 mln $ miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.

Xalqaro maktabni qurish bo‘yicha loyihaga esa 20 mln $ miqdorida sarmoya kiritish belgilangan. Buning uchun shahrimizda 5 gektar yer maydoni ajratiladi va unda 2 000 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘quv maskani bunyod etiladi.

Kinder World International Group 1986 yil Singapurda tashkil etilgan bo’lib, bugungi kunda Vetnam, Tailand va Malaziyada kompaniyaning 20ta kampusi faoliyat yuritmoqda.