13 sentyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Fransiya kompaniyasi Total Eren o‘rtasida Samarqand viloyatida 100 MVtli fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya kelishuvi imzolandi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Unga ko’ra, Total Eren O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida fotoelektr stansiyasini qurilishiga 150 mln yevrogacha investitsiya kiritadi.

Kompaniya loyihani amalga oshirish jarayoni, ya’ni elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish kabi barcha bosqichlarini amalga oshiradi.

Qurilish ishlarining boshlanishi 2020 yilning birinchi choragida va 2021 yilning birinchi choragida esa stansiya foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Total Eren — qayta tiklanadigan energiya sohasida dunyodagi yetakchilardan biri bo‘lgan fransuz kompaniyasidir. Kompaniyaning amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari portfelida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun o‘rnatilgan 2400 MVt dan ortiq quvvat, shuningdek dunyoning turli burchaklarida 2000 MVt dan ortiq quvvatni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar kiradi.