“O‘zbektelekom” AK Uzmobile tarmog‘ida sinovdan o‘tkazish uchun 5G texnologiyasi bo‘yicha tayanch stansiyalarning dastlabki to‘plamlariga ega bo‘ldi.

14 sentabr kuni uskunalar o‘rnatildi va dastlabki sinovdan o‘tkazish uchun foydalanishga topshirildi, xabar beradi AKT vazirligi matbuot xizmati.

5G tarmoqlarining uskunalari “ko‘plab noortogonal (nomutanosib) kirish va Massive-MIMO” kabi eng zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash tufayli ko‘proq o‘tkazish qobiliyatini ta’minlay oladi.

Xabarga ko‘ra, 5G tayanch stansiyalarini sinovdan o‘tkazish NSA (Non StandAlone) tarmoq arxitekturasi qo‘llanilgan holda 6 GGsgacha chastotalar oralig‘ida amalga oshirilmoqda.

“Ushbu loyiha 5G tarmog‘ini tashkil etish bosqichlaridan biri bo‘lib, operatorning mavjud infratuzilmasidan foydalangan holda amalga oshiriladi va u kelajakda operatorga nafaqat yuqori tezlikka, balki tarmoqdagi juda past kechikish darajasiga (tahminan 1 millisekund) erishish imkonini beruvchi arxitektura — SA (StandAlone)ga takomillashtirilishi kerak”, deyiladi xabarda.

5G texnologiyasining joriy etilishi 1 Gbit/s va undan yuqori tezlikda Internetdan foydalanish imkoniyatini beradi. Yangi 5G texnologiyalari bir vaqtning o‘zida bitta tayanch stansiyasining ko‘p sonli abonentlariga xizmat ko‘rsatishga imkon beradi.