O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikchilik (DXSh) asosida elektr-energiyasi ta’minoti sohasini rivojlantirish bo‘yicha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlik-kelishuvi imzolandi.

Moliya vazirligi XMK bilan Sirdaryo viloyatida quvvati 1300 megavattga teng bug‘ va gazda ishlaydigan elektr qurilmasini barpo qilish, DXSh asosida tender va strukturasi bo‘yicha O‘zbekistonga konsultativ maslahatlar berish yuzasidan kelishuvni imzoladi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, mazkur davlat va xususiy sektor sherikchiligining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi elektr energiyasi taʼminoti barqarorligini yaxshilaydi va tabiiy gazdan yanada unumliroq foydalanish imkoniyatini beradi.

Vositachi-maslahatchi sifatida, XMK O‘zbekistonga loyihani yaratish va davlat va xususiy sektorlar o‘rtasida xavf-xatarlarni tegishlicha taqsimlash uchun yetakchi xususiy investorlarni jalb qiladigan davlat va xususiy sektorlar sherikchiligini ishlab chiqishda ko‘maklashadi.

Hukumat loyiha uchun investorni eng ilg‘or amallarga rioya qilgan holda o‘tkaziladigan raqobatga asoslangan tanlov jarayoni orqali tanlab oladi.

Mazkur davlat va xususiy sektorlar sherikchiligi O‘zbekistonning eskirib borayotgan elektr energiyasini ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda aholi va korxonalarni elektr energiyasining barqaror taʼminoti bilan taʼminlash uchun ishlab chiqilgan.

“Ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlar kabi O‘zbekistonning o‘ta zarur infratuzilma loyihalariga sarflashi mumkin bo‘lgan mablag‘lari cheklangan. Xususiy sektor kapitali va tajribasini tadbiq qilish orqali mamlakat yirik infratuzilma loyihalarini rivojlantirishni rag‘batlantirishi va shu sababli biznes muhiti va aholining turmush sifatini yaxshilashi mumkin”, — deb taʼkidladi XMKning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Vibke Shlyomer.

Bugungi kunda XMKning O‘zbekistondagi investitsion portfeli 58 mln $ga teng. Investitsiyalarning asosiy qismi moliya sektori va to‘qimachilik sohasiga yo‘naltirilgan.