Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan qonunlardan biri bo‘ldi.

Qonun to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchi va to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchi bo‘lgan jismoniy va yuridiq shaxslar o‘rtasida to‘lovlarni amalga oshirish hamda to‘lov xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Unga asosiy tushunchalar kiritilib, to‘lov tizimi va uning ishtirokchilari, operatorlarga ta’rif berilmoqda, ularning funksiyalari, shuningdek to‘lov tizimlari turlari va ularning muhimligini aniqlash mezonlari, ularni saqlab turish qoidalari ochib berilmoqda, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga, muhim to‘lov tizimining ishlashini o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkazishga, to‘lov tizimidagi to‘lovlarning yakunlanganligiga doir normalar belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi to‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasida yagona axborot va huquqiy makon yaratilishini, Markaziy bank tomonidan to‘lov xizmatlari bozori samarali tartibga solinishini, to‘lov tizimlari faoliyatini, to‘lov tizimlari operatorlari faoliyatini ta’minlash, to‘lov xizmatlaridan foydalanish, shu jumladan qishloq joylarda va olis joylarda foydalanish imkoniyatini va shaffofligini oshirish, elektron pullar sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishiga ko‘maklashadi.

Shuningdek, senatorlatlar “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mazkur normativ-huquqiy hujjat valyuta operatsiyalarini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qonun bilan Markaziy bank valyutani tartibga soluvchi davlat organi etib belgilangan.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi quyidagilarga xizmat qiladi:

  • rezidentlar va norezidentlarningvalyuta operatsiyalarini amalga oshirishda o‘z valyuta mablag‘larini erkin tasarrruf etish bo‘yicha huquqlarini to‘liq amalga oshirishga;
  • amaliyotda uchraydigan valyuta operatsiyalarini o‘tkazishning imkon qadar barcha jihatlarini ta’riflashga;
  • mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda kapital harakatlanishi bilan bog‘liq operatsiyalarni tartibga solish imkonini beradigan qonunchilik bazasini tashkil etishga.