Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi kanali xabar berdi.

Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan xorijiy investitsiya kiritgan shaxslar uchun “investitsiya vizasi” muddati uzaytirildi.

Unga ko‘ra, 3 mln $ miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarosiga 10 yil muddatga O‘zbekistonda yashash guvohnomasi beriladi (ilgari barcha chet el fuqarolari uchun 5 yil muddatga berilgan).

Investitsiya vizasi ichki ishlar hududiy organlari tomonidan beriladi va uzaytiriladi.

Vizani olish va uzaytirish uchun xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona iltimosnomasi, kiritilgan investitsiya to‘g‘risidagi ma’lumotnomalardan birini ilova qilgan holda belgilangan shakldagi anketa bilan murojaat qilinadi.

Shuningdek, investitsiya vizasiga ega bo‘lgan xorijiy investorlar va ularning oila a’zolari respublika OTMlarida o‘qish davrida O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda stipendiya hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limni olishga haqlidirlar.