Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Unga ko’ra quyidagi mahsulotlar davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar ro’yhatidan chiqarildi:

  • “O‘zdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan un;
  • qolipli non (chakana narx).

Qarorga muvofiq, 2019 yil 15 oktyabrdan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan bug‘doy g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja orqali sotiladi.

Davlat xaridlari doirasida sotib olingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un barcha iste’molchilarga 100% to‘lovni oldindan amalga oshirish orqali ochiq birja savdolarida sotiladi;

Shuningdek, qaror bilan 2019 yil hosilidan tayyorlangan bug‘doyning 1 tonnasi un ishlab chiqarishga 1300 ming so‘mdan ulgurji narxda sotiladi. Bunda bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi va ulgurji narxi o‘ratasidagi 120 ming so‘m salbiy farq Moliya vazirligi tomonidan qoplanadi.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim toifalariga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi oshirilib, 50 000 so‘m miqdorida belgilandi.