Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Banklar faollik indeksi"ning navbatdagi reytingini ishlab chiqdi. Reytingning to‘liq matni bilan markaz saytida tanishish mumkin.

Reyting 31 tijorat banklari orasida o‘tkazilib, banklar quyidagi uch guruhga ajratildi:

  • davlat ulushi mavjud yirik banklar;
  • raqobatbardosh banklar;
  • markazlashgan banklar.

Shuningdek, bank aktivlarida xususiy banklar ulushining o‘zgarishi, bank sektoridagi transformatsiya jarayonlari ikki subindeksda baholandi:

  • moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi;
  • moliyaviy barqarorlik indeksi.

Banklarning moliyaviy vositachilikda faolligini baholashda asosan real sektordan jalb qilingan depozitlarning ajratilgan kreditlarga nisbati hisoblanadi. Banklarning moliyaviy ommabopligi esa kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining qay darajada ekanligi va “banksiz” qolayotgan aholi qatlamini bank sektoriga jalb qilish darajasini ko‘rsatadi.

Unga ko‘ra, moliyaviy ommaboplik yo‘nalishida Ipak yo‘li bank, Agrobank va Hamkor bank eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Xususan, 2020-yil-sentyabr holatiga ko‘ra Ipak yo‘li bankning har bir filialiga o‘rtacha 532 ta kredit olgan tadbirkor to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Agrobank va Hamkor bankda bu ko‘rsatgich 476 va 411 tani tashkil etdi. Shuningdek, yirik mijozlarga berilgan kreditlarning portfelidagi ulushilarning eng yuqori ko‘rsatkichlari O‘zKDB bankda 78%, Ravnaq bankda 57%, O‘zmilliy bankda 52% hamda Asaka bank 48% ni tashkil etgan.

“Banklar faollik indeksi” reytingining top-3 ligida 1-o‘rnini Kapital bank egallab, moliyaviy vositachilik bo‘yicha 3-o‘rinni, moliyaviy ommaboplik bo‘yicha 4-o‘rinda baholandi hamda daromad olish salohiyati bo‘yicha (5-o‘rin) yuqori natijalarni ko‘rsatdi. Mazkur bankda jamg‘arma va muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati 87% gacha oshgan bo‘lsa, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi (3%) hamda majburiyatlari tarkibida hukumatdan olingan mablag‘lar ulushi (1%) o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha past darajada saqlanib qoldi.

Universal bank umumiy reytingda 2-o‘rinni egalladi. Xususan, bankning moliyaviy vositachilik (4-o‘rin), aktivlar sifati (1-o‘rin) hamda daromad olish salohiyati (6-o‘rin) baholandi. Ziraat bank mazkur reytingda 3-o‘rinni egalladi. Davlat ulushi mavjud banklar orasida Ipoteka bank 15-o‘rinni, Mikrokredit bank 16-o‘rinni, O‘zsanoatqurilish bank esa 19-o‘rinni egalladi.

Reytingda Xalq banki may oyidagi indeksdan 11-o‘rindan 13-o‘ringa tushdi. Negaki mazkur bankning muammoli kreditlarining portfelidagi jami ulushi 4% ni, har bir ishga to‘g‘ri keluvchi foyda miqdori 34,5 mln. so‘mni (o‘rtacha ko‘rsatkich 64 mln. so‘m), operatsion xarajatlarining daromadlariga nisbati 53% ni tashkil etib, past baholarni ko‘rsatdi.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekistonda 32 tijorat banki faoliyat yuritib, ulardan 13 tasi ustav kapitalining davlat ulushida, 19 ta bank xususiy bank yoki chet el kapitali ishtirokidagi bank hisoblanadi.