O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari A.J.Ramatovning ko’rsatmasiga binoan O’zbekistondagi yangi noyob tibbiyot muassasasi — Ko’p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishiga press-tur tashkil etildi. Bu haqda O’zbekiston temir yo’llari telegram kanalida xabar berilmoqda.

Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida 8,1 gektarlik hududda zamonaviy, eng yuksak xalqaro talablarga to‘la javob beradigan ko‘p tarmoqli klinika qurilmoqda.

Ushbu loyiha bo‘yicha barcha kompleks chora-tadbirlar prezidentning 2017-yil 29-sentyabrdagi PQ-3298-son qarorida belgilangan. Unga muvofiq, yuksak ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu zamonaviy loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda Rossiyaning “Ural kon-metallurgiya kompaniyasi” OAJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy xalqaro talablar asosida amalga oshirilayotgan ushbu tibbiy loyiha uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yuqori texnologik tibbiyot muassasalarini muvaffaqiyatli barpo etish tajribasiga ega bo‘lgan “KBV GmbH&Co.KG” (Germaniya Federasiyasi, Leypsig sh.) ixtisoslashgan nemis kompaniyasi ham jalb qilingan.

Unga barcha asosiy loyihalash ishlarini amalga oshirish yuklatilgan. Rossiya Federasiyasining “Uralmexanobr” OAJ (Yekaterinburg sh.) Bosh loyiha tashkiloti sifatida barcha ishchi hujjatlarni tayyorlashga mas’ul. Toshkent shahridagi “ToshuyjoyLITI” AJ loyihalashtirish tashkiloti barcha loyiha xujjatlarini respublikamiz normativ hujjatlari talablariga moslashtirish va ularni Davlat ekspertizasidan o‘tkazish uchun tayyorlashga mas’ul.

Yangi tibbiyot muassasasida xodimlarni uzoq muddatli va yuqori malakali ish bilan ta’minlash bo‘yicha tadbirlar rejasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Jumladan, Germaniya va Rossiya Federasiyasidagi xorijiy klinikalar va tibbiyot markazlarida tibbiyot xodimlari uchun o‘quv dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, 42 turdagi mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari, shuningdek, kichik tibbiyot xodimlarini va boshqa xodimlarni qayta tayyorlash rejalashtirilgan.