Markaziy bank so‘ngi paytlarda aholi orasida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar yuzasida ma’lumot berib, bank kartalari egalarini ogohlikka chaqirdi. Xabarda aytilishicha, hech qaysi bank yoki uning xodimi mijozdan mobil telefonga kelgan bir martalik SMS-kod, mobil ilovalar, veb-ilovalarga kirish huquqini beruvchi login va parollarni so‘ramaydi.
Qo‘l telefoningizga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Markaziy bank, tijorat banki, to‘lov tashkiloti yoki tizimining xodimi deb tanishtirib, mobil ilovangiz buzilganligi, bank kartangiz blok holatiga tushib, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilishingiz haqida aytib, firibgarlik qilishga urinsa — aslo aldanib qolmang, deyilgan xabarda.
Shu sabab Markaziy bank turli firibgarlik yo‘li bilan bank kartalaridagi pul mablag‘lari yechilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fuqarolarni ogoh bo‘lishga chaqirgan.