O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “Anorbank” AJning “Shoshilmasdan” nomi bilan e’lon qilingan omonat mahsuloti bo‘yicha bankning rasmiy veb-saytida taqdim etilgan ma’lumotlarni to‘liq va to‘g‘ri aks ettirish yuzasidan mazkur bank boshqaruviga ko‘rsatma xati yuborildi. Bu haqda Markaziy bank o‘zining Telegramdagi sahifasida ma’lum qilgan.
Xususan, bankning rasmiy veb-saytida mazkur omonatga yillik 26% gacha ustama to‘lanishi ko‘rsatilgan. Biroq bankning rasmiy Telegram kanali hamda Call-markazi orqali olingan ma’lumotlarga ko‘ra, omonat muddati 370 kun bo‘lib, bunda omonatning butun davrida oraliq davrlar mavjud hamda har bir oraliq davr uchun omonatga ustamalar turli % stavkalarida hisoblanadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, omonatga foizlarning differensiyalashgan ravishda hisoblanishi natijasida mazkur omonat bo‘yicha jami yillik real daromadlilik 26 foizdan pastroqni tashkil qiladi.
" Shu munosabat bilan, “Anorbank” AJ boshqaruviga bunday marketing harakatlari iste’molchilar tomonidan tanlangan bank omonati bo‘yicha olinadigan real daromadlar to‘g‘risida ularni chalg‘itishga va eng hamyonbop shartlarga ega bo‘lgan mahsulotni tanlashni qiyinlashtirishga olib kelishi mumkin. Shuningdek, kelgusida bankning moliyaviy mahsulotlari to‘g‘risida chalg‘ituvchi va noxolis axborotlar tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi yuzasidan ogohlantirildi " , — deyilgan xabarda.
Avvalroq Spot Markaziy bank fuqarolarni ogohlikka chaqirganligi haqida xabar bergan edi.