IT Park o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida turizmda sohasida startaplarni rivojlantirish uchun tanlov tashkil etgan edi.
Bugun esa, “Tourism. The Path to innovation” sayyohlik tanlovining ikkinchi to‘lqini boshlaganini e’lon qiladi. Unda ishtirokchilar turizm sohasidagi muammolarni hal qiladigan startap loyihalarni taqdim etishlari kerak.
Tanlovda barcha ishtirok etishi mumkin. G’oliblar turizm sohasidagi startap-loyihalar va innovatsion biznes g‘oyalar, shu jumladan birinchi navbatda turistlar uchun qulayliklar yaratishga yo‘naltirilgan axborot dasturlar va xizmatlarni taqdim etgan tanlov ishtirokchilari orasidan saralab olinadi. Ikkinchi to‘lqinning mukofot jamg‘armasi 800 000 000 so‘mni tashkil etadi.
Tanlov ikki bosqichda o’tadi:
1-bosqich: 2021 yil 11 iyundan 30 iyungacha ariza beruvchining startap-loyihalari o’rganib chiqiladi va saralanadi.
2-bosqich: 2021 yil 31 iyulga qadar 1-bosqich yakunlari bo’yicha saralangan startap-loyihalar muallifi (ariza beruvchi) komissiya huzurida o’z loyihalari taqdimotini o’tkazadi va taqdimot natijasi bo’yicha baholanadi.
“Tourism. The Path to innovation” tanlovi Prezidentning “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar” qaroriga muvofiq O‘zbekistonda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash, startaplar va turizm ekotizimini, shuningdek, mamlakatning ichki turizmini rivojlantirish hamda turizm sohasida yoshlar tashabbuslarini rivojlantirish uchun yuqori texnologiyali mahsulotlarni jalb qilish maqsadida tashkillashtirildi.
“Tourism. The Path to Innovation” — bu mamlakatimizning turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, turizm sohasidagi innovatsiyalarni joriy qilish, turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan startaplar tanlovi.
Musobaqada qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tish 10-maydan 10-iyungacha davom etadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘ting. Musobaqa shartlarini bilan quyidagihavola orqali tanishish mumkin.
